Association Charter
Don va sholi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Ustavi
Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi
Don va sholi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi
Ustavi
Umumiy qoidalar
1.1. Don va sholi ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi (bundan buyon matnda «Birlashma» deb yuritiladi) O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi “Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar ko’rsatishni yanada rivojlantirish to’g’risida”gi PF-6159 sonli farmoni, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi PQ-4975 sonli «O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi faoliyatini tashkil etish to’g’risida»gi qaroriga asosan Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tasarrufida tashkil etilgan.
Birlashma Don va dukkakli ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpog’iston ilmiy tajriba stantsiyasi va Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog’iston ilmiy tajriba stantsiyasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
1.2. Birlashmaning to’liq nomi quyidagicha:
o’zbek tilida: “Don va sholi ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi”
rus tilida: “Nauchno proizvodstvenniy ob’edinenie zerno i ris”
ingliz tilida: “Scientific production association grain and rice”.
1.3. Birlashma Qoraqalpog’iston Respublikasi, Nukus tumani, Qrantau OFY, Shortanbay yelatida joylashgan.
Birlashmaning manzili: 230910, Qoraqalpog’iston Respublikasi, Nukus tumani, Qrantao’ OFY, Shortanbay yelati.
1.4. Birlashma o’z faoliyatini O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O’zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qo’shma qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligi buyruqlari va qo’shma qarorlari, Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (bundan keyin Milliy markaz) qarorlari, buyruqlari hamda ushbu Ustavga amal qilgan holda olib boradi.
1.5. Birlashmaning mol-mulkidan foydalanishi, ilmiy, ilmiy-texnik va xo’jalik faoliyati, moliyaviy rejalashtirish, kapital qurilish va ta’mirlash, moddiy-texnika ta’minoti va mahsulotni sotish, boshqarish masalalari bo’yicha asosiy huquq va majburiyatlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
1.6. Birlashma yuridik shaxs hisoblanib, o’zining mol-mulki, mustaqil balansi, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G’aznachiligida ochilgan hisob raqamlariga, banklarda xo’jalik mablag’lari harakati uchun hisob raqamlariga, shtamplari va blankalariga hamda O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, o’zining to’liq rasmiy nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega bo’ladi.
1.7. Birlashma va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar o’z faoliyati doirasida O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyat olib borishi va shu maqsadda xorijiy davlatlarda hamda respublika hududida xalqaro valyuta uchun hisob raqamlari ochishi va undan foydalanishi mumkin.
1.8. Birlashmaning tarkibiy bo’linmalari, tashkilotlari o’z faoliyatlarini birlashmaning ilmiy metodik rahbarligi va bevosita ko’rsatmalariga asosan amalga oshiradi.
1.9. Birlashma qonun hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlariga ega bo’ladi, sudda da’vogar va javobgar sifatida ishtirok etadi.
1.10. Birlashma o’z majburiyatlari bo’yicha qonun hujjatlari talablari asosida javobgar hisoblanadi
Birlashmaning asosiy vazifalari va funktsiyalari
2.1. Birlashmaning asosiy maqsadi va vazifalari:
birlashma o’z faoliyatini O’zbekiston Respublikasi qishloq xo’jaligida boshoqli don, sholi va dukkakli don ekinlari sohasida aniq ilmiy-amaliy vazifalarni hal etish, boshoqli don, sholi, dukkakli donning yangi navlarini yaratish, birlamchi urug’chiligini yo’lga qo’yish, ekologik toza maxsulot yetishtirish, yerlarning unumdorligini oshirish, yer va suv zahiralarini tejovchi texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilish bo’yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar berishga va ularning bajarilishini nazorat qilishga yo’naltiradi;
selektsiya, urug’chilik va agrotexnologiya sohasidagi tadqiqotlarni kengaytirish, ularning natijalarini keng maydonlarda sinab ko’rish va muhofaza qilish uchun patent hujjatlarini rasmiylashtirish, tajriba maydonlarda yuqori sifatli boshoqli don, sholi va dukkakli don ekinlarining superelita va elita urug’liklarini yetishtirish va ixtisoslashgan klasterlar va fermer xo’jaliklari bilan navlarni joriy etish bo’yicha o’zaro foydali shartnomalar tuzish;
yuqori unum bilan ishlaydigan mustahkam va tejamkor qishloq xo’jalik mashinalari yordamida sohani mexanizatsiyalashtirish darajasini yuksaltirish va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish hamda uning yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish, boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borishdan iborat.
2.2. Birlashma boshoqli don, sholi va dukkakli don ekinlar sohasini rivojlantirish bo’yicha quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshiradi:
ilmiy-tadqiqot ishlarini o’tkazish, sinash va joriy etish uchun olim va tadqiqotchilarga zarur bo’ladigan barcha sharoitlarni yaratib berish;
olimlar va tadqiqotchilarni qishloq xo’jaligida qo’llanilayotgan zamonaviy texnika va uskunalar, qishloq xo’jalik ekinlari agrotexnikasi uchun zarur bo’lgan boshqa moslamalar bilan ta’minlash;
tajriba va sinov jarayonini ilmiy texnik xodimlar va ishchilari ishtirokida bajarish;
har yili ekinlarni joylashtirishda tuproq tarkibi, yerning rel’efi, o’tkaziladigan ilmiy tajribalarning xususiyatlari va muddatlarini hisobga olish, uni birlashmaning Ilmiy Kengashida hamda Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi rahbariyati tasdig’iga kiritish;
birlashma va uning tarkibidagi tashkilotlarda ilmiy-tadqiqot birlashmalari orqali qishloq xo’jalik maxsulotlarini qayta ishlash, saqlash maqsadida investitsiyalarni jalb qilish, qo’shma va kichik tajriba tayanch shaxobchalarini tashkil etish, aholiga har xil xizmatlar ko’rsatish, qonunlar bilan ta’qiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug’ullanishi mumkin.
birlashma va uning tarkibidagi tashkilotlar agrar sohada O’zbekistonda hamda chet el fan va texnikasi yutuqlarini, ilg’or tajribalarini ishlab chiqishga ishlab chiqilgan samarali va tejamkor zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy qilish, hosildorligini oshirish, selektsiya, urug’chilik va mexanizatsiyalash ishlarini takomillashtirish bilan shug’ullanadi;
chet el ilmiy muassasalari bilan hamkorlik o’rnatadi. Ularning eng yuqori va sifatli hosil berayotgan boshoqli don, sholi, dukkakli don ekinlari navlari, liniyalari va duragaylarini o’zaro shartnoma asosida olib kelib sinovlar o’tkazadi. Respublika tabiiy-iqlim sharoitlariga moslarini tanlab olib ekish uchun davlat reestriga kiritadi va ishlab chiqarishga joriy etish uchun tavsiya etadi;
birlashma va uning tarkibidagi tashkilotlarda ishlab chiqarishga samarali va tejamkor zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etadi;
birlashma va uning tarkibidagi tashkilotlarda yer va suvdan oqilona va samarali foydalanish, sug’oriladigan yer maydonining meliorativ holatini yaxshilash, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshiradi;
boshoqli don, sholi va dukkakli don ekinlarining zararkunanda va kasalliklariga qarshi himoya qilishning biologik va uyg’unlashtirilgan usullari sohasidagi tadqiqotlarini tashkil etish, kam zaharli gerbitsidlarni, pestitsidlarni, o’stiruvchi hamda atrof-muhit va ekologik jihatdan toza maxsulot olish uchun xavfsiz bo’lgan boshqa birikmalarni sinaydi va ularni muqobillarini ishlab chiqarishga joriy etishga tavsiyalar beradi;
yuqori unum bilan ishlaydigan, mustahkam va tejamkor qishloq xo’jaligi mashinalari yordamida qishloq xo’jaligi ekinlarini yetishtirish texnologik kartalarini tayyorlashda qatnashadi;
mamlakatning boshoqli don, sholi va dukkakli don ekinlari sohasida erishilgan ilm-fan yutuqlari bilan xalqaro va Respublika miqyosidagi anjumanlarda qatnashish, sholi va dukkakli don ekinlarining dolzarb masalalari bo’yicha ilmiy simpoziumlar, kengashlar, konferentsiyalar o’tkazish;
ilmiy xisobotlar, konferentsiya materiallari, uslubiy qo’llanma, risola, maqola, ilmiy axborotnomalarni chop etish va ilm-fan yutuqlarini targ’ibot qilish;
ilmiy xodimlarining Respublikada va xorijda salohiyatini oshirish, tayyorlash hamda qishloq va suv xo’jaligi sohasida kadrlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirishda faol qatnashish;
birlashmada yosh avlodni tarbiyalash, yoshlar malakasini oshirish, ularning ilmiy darajasini ko’tarish, ilm fanni yanada rivojlantirish uchun amaldagi qonun va qoidalarga rioya qilgan holda o’zining qoshida doktorantura ochadi hamda ularni o’qishini tashkil etadi;
fundamental va amaliy tadqiqotlar yuzasidan ilmiy kengashlar, assosatsiyalar va boshqa birlashmalar tashkil qiladi;
tugallangan ilmiy tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish bo’yicha natijalarni tahlil qiladi;
birlashma va uning tarkibidagi tashkilotlarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini ko’rib chiqadi, tasdiqlab mujassamlashtirgan holda Qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi va boshqa yuqori tashkilotlarga taqdim etib boradi;
birlashmaga ajratilgan yer maydonlarida yuqori sifatli boshoqli don, sholi va dukkakli don ekinlar navlarini urug’larini yetishtirib, ularni xalqaro tashkilotlarga, ilmiy-tadqiqot muassasalariga va Respublikaning barcha viloyat va tumanlaridagi fermer xo’jaliklariga shartnoma asosida sotadi. Ulardan tushgan pul mablag’lari birlashmaning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga, ilg’or texnologiyalarni hamda laboratoriya jihozlarini sotib olishga, asosiy vositalarni ta’mirlashga, xodimlarni moddiy rag’batlantirish va boshqa maqsadlarga sarflaydi;
birlashma amaldagi qonunlar asosida xo’jalik hisobidan ishlab topgan mablag’lari, xalqaro moliyaviy va boshqa birlashmalar grantlari, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hamda xomiylar tomonidan berilgan mablag’lar hisobidan qo’shimcha ishlab chiqarish tarmoqlarini tashkil etadi. Ishlab chiqarishdan olingan maxsulotlarni erkin sotish hisobiga o’z mablag’larini ko’paytiradi.
birlashma O’zbekiston Respublikasining “Selektsiya yutuqlari” va “Urug’chilik” to’g’risidagi qonunlari asosida o’zi yetishtirgan, boshoqli don, sholi va dukkakli don ekinlari urug’larini o’z yer maydonidan ortgan qismini urug’lik yetkazuvchi ilmiy muassasalarga, urug’chilikka ixtisoslashgan fermer xo’jaliklariga shartnoma asosida sotadi va ulardan tegishli xujjatlarga asosan sotib oladi;
birlashma amaldagi normativ-xuquqiy xujjatlarga asoslanib, Qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi bilan kelishilgan holda o’z tarkibidagi tashkilotlarni kengaytirib, qayta ixtisoslashtirishi va tugatishi mumkin.
2.3. Don va sholi ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi o’z faoliyatini O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, agrosanoat majmui sohasidagi respublika ilmiy muassasalari va Oliy o’quv yurtlari bilan hamkorlikda olib boradi.
Birlashmaning huquq va majburiyatlari
3.1. Birlashma O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:
ayrim ilmiy muammolarni yechish uchun vaqtinchalik ijodiy guruhlar tuzish, birlashmadan va chetdan mutaxassislar yollash;
ilmiy–tadqiqot ishlariga jalb qilinadigan ilmiy xodimlarning umumiy soni, kasbiy va malakaviy tarkibini mustaqil ravishda belgilash;
birlashmaning faoliyat turi bo’yicha tajriba xo’jaligi tomonidan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotish hisobidan tushgan pul mablag’laridan belgilangan tartibda shartnoma asosida foydalanish (birlashmaning moddiy-texnika bazasini oshirish, xodimlarni moddiy rag’batlantirish);
mazkur Nizomda belgilangan vazifalarni bajarish uchun O’zbekiston Respublikasi hududi va undan tashqarida bajariladigan ishga bog’liq bo’lgan ilmiy aloqalarni amalga oshirish;
O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq davlat tashkilotlari, tijorat va xorijiy firmalar bilan hamkorlik qilish;
birlashma amaldagi qonunlar asosida o’zining boshqa tarkibiy va ilmiy bo’limlarini tashkil qilishi, ularga asosiy va aylanma vositalarni biriktirishi, iqtisodiy munosabatlar tartibini belgilash huquqiga ega.
3.4. birlashma va uning tarkibidagi tashkilotlari o’zining asosiy faoliyatidan tashqari xo’jalik hisobi asosida tadqiqotlar olib borish bo’yicha shartnomalar tuzishi va ilmiy-uslubiy yo’nalishdagi xizmatlar ko’rsatishi mumkin.
3.5. Birlashmaning majburiyatlari:
birlashma o’ziga tegishli barcha mol-mulk uchun javobgardir;
birlashma o’z xodimlarini mehnat shartnomalari asosida tadqiqotlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar va resurslar bilan ta’minlaydi.
3.6. Birlashma yer maydonlaridan foydalanish bo’yicha quyidagi huquqlarga ega:
er maydonlaridan belgilangan maqsadlarda (ko’p yillik klassik tadqiqotlar, genofond, fitotron, lizimetr, har xil infektsion fonlar yaratish, urug’ ko’paytirish, tuproq meliorativ holati va unumdorligini saqlash, suv va shamolga qarshi ixotazor va b.q.) samarali foydalanish;
erlarning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish bo’yicha belgilangan tartibdagi ishlarni amalga oshirish;
doimiy ravishda sug’orish tizimlarini takomillashtirib borish va suv zahiralaridan belgilangan me’yorlarda foydalanish.
3.7. Birlashmaning yer maydonlaridan foydalanish bo’yicha majburiyatlari quyidagilardan iborat:
er maydonlaridan foydalanishdagi tegishli ixtisoslashuv yo’nalishini o’zgartirmaslik;
qishloq xo’jalik ekinlarining yuqori avlodli urug’larini yetishtirib, qo’shimcha daromad olishni tashkil etish;
mavjud irrigatsiya, melioratsiya tarmoqlari va muhandislik kommunikatsiyalarini soz holatda saqlash;
erlarni muhofaza qilish bo’yicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan kompleks talablarga qat’iy amal qilish;
er to’g’risidagi hisobotlarni hududiy statistika va yer resurslari hamda davlat kadastri idoralariga belgilangan tartibda taqdim etish;
O’zbekiston Respublikasining Yer kodeksi va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshka majburiyatlar.
Birlashmaning Nizom fondi
4.1. Birlashmaning Nizom fondi birlashmaga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan asosiy fondlar va aylanma mablag’lar, shuningdek, boshqa moddiy boyliklar, moliyaviy resurslardan tashkil topadi.
4.2. Aylanma mablag’lar to’lig’icha birlashma ixtiyorida bo’lib, boshqa xo’jalik sub’ekti tomonidan o’zlashtirilishi mumkin emas. Ichki aylanma mablag’lar tanqisligi daromadlar hisobidan qoplanadi.
Birlashmaning boshqaruv organlari
5.1. Birlashma Ilmiy kengashi birlashmaning oliy boshqaruv organi hisoblanadi.
5.2. Ilmiy kengash birlashmaning ilmiy-tadqiqot natijalarini joriy etishga tavsiyalar berish ishlari bilan bog’liq faoliyatlarni ko’rib chiqadi va tegishli qarorlar qabul qiladi.
Ilmiy Kengash tarkibiga sohada yetuk va yuqori malakaga ega birlashma bo’lim va laboratoriyalari boshliqlari, yetakchi ilmiy xodimlar, kasaba uyushmasining vakillari, shuningdek, yuqori tashkilot, ilmiy muassasalar vakillari kiritiladi.
Birlashma direktori bir vaqtda Ilmiy kengash raisi, ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari esa Ilmiy kengash raisining o’rinbosari, birlashma ilmiy kotibi esa ilmiy kengash kotibi hisoblanadi.
Ilmiy Kengash tarkibi direktor tavsiyasi asosida Qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan tasdiqlanadi.
5.3. Ilmiy kengash:
a) birlashma ilmiy faoliyatining asosiy yo’nalishlarini muhokama qiladi;
b) ilmiy-tadqiqot va tajriba ishlarining reja loyihalarini, ilmiy-tadqiqotlarning dastur va uslubiyotlarini, ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy ishlarni chop etish loyihalarini, majlislar va konferentsiyalarning dasturlarini ko’rib chiqadi;
v) bo’lim va boshqa tarkibiy bo’linmalarning, shuningdek, ilmiy xodimlarning hisobotlarini, birlashmaning ilmiy va ilmiy-tashkiliy faoliyatining natijalari bo’yicha hisobotlarini muhokama qiladi;
g) birlashma tarkibiga kiritiladigan o’zgarishlar, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish uchun ajratilgan moliyaviy mablag’lardan foydalanish bilan bog’liq masalalarni muhokama qiladi;
d) muhim ilmiy muammolar, ilmiy ma’ruzalar, dissertatsiyalarni muhokama qiladi va ishlab chiqarishga joriy qilish uchun birlashma bo’linmalari tomonidan berilgan tavsiya va takliflarni ko’rib chiqadi;
e) boshqa ilmiy muassasalar bilan ijodiy hamkorlik olib borish va muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qiladi;
j) bo’lim boshliqlari va ilmiy xodimlarning hisobotlari, shuningdek, birlashma xodimlarining respublikalararo va chet el xizmat safarlari bo’yicha hisobotlarini muhokama qiladi va baho beradi;
z) ilmiy kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish bilan bog’liq masalalarni muhokama qiladi;
i) olimlarning ilmiy kadrlarni tayyorlash bo’yicha olib borayotgan ishlari, dissertatsiya ishlarining mavzulari va dasturlarini, o’quv rejalarini ko’rib chiqadi, shuningdek, attestatsiya komissiyasining ishlarini muhokama qiladi va tasdiqlaydi;
y) birlashma ilmiy xodimlari va boshqa ilmiy tashkilotlarning xodimlariga ilmiy unvon berish masalasini muxokama kiladi va belgilangan tartibda Oliy attestatsiya komissiyasiga taqdim etish buyicha tavsiya beradi;
k) falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) larni tayyorlash, mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan bog’liq masalalar hamda ularning o’quv jarayoni bilan bog’liq masalalarni hal etadi.
5.4. Ilmiy kengash yig’ilishda kengash a’zolarining 23 qismi ishtirok etayotgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
5.5. Ilmiy kengash qarori yig’ilishda a’zolarning 50% dan ortiq qismi yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilinadi.
5.6. Ilmiy kengash yopiq ovoz berish to’g’risida qaror qabul qilgan taqdirda, qaror yopiq ovoz berish yuli bilan qabul qilinadi.
5.7. Ilmiy daraja berish masalalari birlashma huzurida tashkil etilgan va O’zbekiston Respublikasining Oliy Attestatsiya Komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Ixtisoslashgan Kengash qarori bilan qabul qilinadi.
5.8. Birlashmani boshqarish – davlat ilmiy muassasalari to’g’risidagi me’yoriy hujjatlarda belgilangan qoidalar asosida o’z-o’zini boshqarish tamoyillarini qo’llagan holda direktor tomonidan amalga oshiriladi.
5.9. Birlashma direktori O’zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo’jaligi vazirligi bilan kelishilgan xolda Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi Bosh direktori tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida sohadagi yetakchi olimlari orasidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Birlashma rahbariyati tavsiyasiga asosan birlashma direktorining ilmiy ishlar bo’yicha, ishlab chiqarish va moliya-iqtisod bo’yicha o’rinbosarlari Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi Bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
Bosh mutaxassislar birlashma direktori tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
5.10. Direktorning vakolatlari quyidagilardan iborat:
– birlashma nomidan faoliyat yuritish va boshqa korxona, tashkilotlarda birlashma manfaatini himoya qilish;
– birlashma manfaatlarini himoya qilgan holda davlat organlari, korxona va tashkilotlar hamda boshqa xo’jalik sub’ektlari bilan bitimlar va shartnomalar tuzish, ishonchnomalar berish;
– banklarda milliy va xorijiy valyutalarda hisob raqamlari ochish;
– belgilangan tartib va vakolat doirasida birlashma ishchi va ilmiy xodimlari uchun bajarilishi majburiy tusga ega bo’lgan buyruqlar chiqaradi, ko’rsatma va topshiriqlar beradi.
5.11. Birlashma direktori o’rnatilgan tartibda boshqa korxona va tashkilotlarga vaqtinchalik foydalanish uchun uskunalar, transport vositalari, inventar va boshqa moddiy boyliklarni ijaraga berish, shuningdek, agar ular jismoniy va ma’naviy eskirgan bo’lsa amaldagi qonunchilikka asosan balansdan chiqarish kabi vazifalarni Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bilan kelishgan holda amalga oshiradi.
5.12. Direktor birlashmaning barcha ilmiy va texnik xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi, uni o’zgartiradi va bekor qiladi, ular uchun mehnat qilish sharoitlarini yaratadi. Me’yoriy hujjatlar asosida buyruqlar chiqaradi va topshiriqlar beradi.
5.13. Birlashma direktori byudjetga va byudjetdan tashqari jamg’armalarga to’lovlarning, ish haqining o’z vaqtida to’lanishi, mehnat huquqlari va munosabatlaridan hamda ularga tenglashtirilgan to’lovlardan kelib chiqadigan barcha talablarning qondirilishi, birlashma faoliyati bilan bevosita bog’liq bo’lgan ehtiyojlar uchun pul mablag’lari o’tkazilishi, shu jumladan birlashma balansidagi mol-mulkining saklanishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo’ladi.
5.14. Birlashmaning ichki tarkibiy tuzilmasi bajarilayotgan ishlarning yo’nalishi va hajmidan kelib chiqib, ilmiy Kengash qaroriga asosan belgilanadi. Boshqaruv apparati shtatlari va soni Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi Bosh direktori tomonidan belgilanadi.
5.15. Birlashmada xodimlarni tanlash, ishga qabul qilish va ozod qilish birlashma direktori tomonidan mehnat qonunchiligi talablari asosida amalga oshiriladi.
Birlashma tarkibi
6.1. Birlashmada 6 ta laboratoriya, 2 ta bo’lim, doktorantura, tajriba uchastkasidan tashkil topgan.
a) Ma’muriyat direktor va direktor o’rinbosarlari, ilmiy kotib, kadrlar buyicha inspektor, yursitkonsul’t, moliya va buxgalteriya hisobi bulimi, muvofiqlashtirish moddiy texnik ta’minoti, doktorantura, joriy etish, axborot va patent guruhlarini birlashtiradi;
b) Laboratoriyalar:
- Boshoqli don, sholi selektsiyasi va urug’chiligi laboratoriyasi;
- Boshoqli don va sholi yetishtirish agrotexnikasi laboratoriyasi;
- Moyli ekinlar selektsiyasi va urug’chiligi laboratoriyasi;
- O’simliklarni ximoya qilish va agroqimyo laboratoriyasi;
- Sug’orish va melioratsiya laboratoriyasi;
- Ekologiya va atrof muxit laboratoriyasi;
v) Bo’lim va sho’balar:
Xorijiy aloqalar bo’yicha mutaxasis
Patentshunoslik va axborot resurslari shu’basi
Targibot, joriy etish va marketing shu’basi
Buxgalteriya va rejalashtirish bo’limi
Kadrlar bo’yicha inspektor
Yuristkonsul’t
Devonxona mudiri
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari buyicha mutaxasis
Xo’jalik bo’limi
g) Doktorantura: o’simlikshunoslik, selektsiya, urug’chilik va o’simliklarni himoya qilish hamda qishloq xo’jalik sohasida boshqa ixtisosliklari bo’yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) tayyorlash ishlarini tashkil qiladi;
xududida joylashgan. Tajriba dalalari hamda o’z bank hisob raqamiga, to’liq ajratilgan balansdagi yuridik maqomiga ega davlat tashkiloti;
e) Tajriba uchastkasi Qoraqalpog’iston Respublikasi, Nukus tumani, Qrantau OFY, Shortanbay yelati xududida joylashgan. Xo’jalik hisobidagi hisob-raqamiga ega, yuridik maqomiga ega bo’lmagan tashkilot;
6.2. Filiallar aloxida yuridik shaxs xisoblanib, o’z faoliyatini birlashma tomonidan belgilangan boshoqli don, sholichilik va dukkakli-don ekinlari tarmog’i majmuida ilmiy amaliy tadqiqotlar o’tkazish, boshoqli don, sholi, dukkakli don ekinlarining yangi navlarini yaratish, mahalliy sharoitlarda yaratilgan va chetdan keltirilgan navlarning ekologik sinovlarini o’tkazish, tanlash va ularni birlamchi urug’chiligini tashkil qilish faoliyati tasdiqlangan ish rejasi asosida amalga oshiradi.
6.3. Birlashma qoshidagi filiallar va boshqa tashkilotlarning faoliyatlarini ushbu Nizom asosida belgilaydi. Ularning Nizomi birlashma direktori tomonidan tasdiqlanib, belgilangan tartibda tegishli “davlat xizmatlari agentligi” organlarida ro’yxatga olingan kundan boshlab yuridik kuchga ega bo’ladi.
6.4. Birlashma tarkibiga kiruvchi filiallar o’z faoliyatini qishloq xo’jaligini rivojlantirishning yillik va istiqbolli rejalari asosida amalga oshiradi.
6.5. Birlashma tomonidan o’z tasarrufidagi filiallarning barcha tashkiliy xo’jalik faoliyati nazorat qilib boriladi, moliyaviy hisobotlar, istiqbolli rejalari muvofiqlashtirilib, Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga taqdim etib boriladi. Birlashma direktori o’z vakolati doirasida ushbu filiallarning tarkibiy bo’limlar shtat jadvalini, xarajatlar smetasi va moliyaviy natijalarini ko’rib chiqib, tasdiqlaydi.
6.6. Hududiy filiallar rahbarligini direktorlar amalga oshiradi. Filiallar direktorlari va bosh hisobchilari Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bilan kelishgan holda Birlashma direktori tomonidan tayinlanadi.
Birlashma xo’jalik hisobidan olgan daromadi, uni taqsimlash va undan foydalanish tartibi
7.1. Birlashma xo’jalik hisobidan olgan daromadi:
– faoliyat turi bo’yicha tajriba xo’jaligida tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotishdan;
– byudjet tashkilotlari tomonidan vaqtincha foydalanilmayotgan binolarni va davlatning boshqa mol-mulkini boshqa tashkilotlarga ijaraga berishdan;
– yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan byudjet tashkilotlariga homiylik (beg’araz) yordami berilishidan qo’shimcha daromadlar olish hisobiga kengaytiriladi va ushbu daromad birlashmaning moddiy-texnika bazasini mustaxkamlash, ijtimoiy rivojlantirish va xodimlarni moddiy rag’batlantirish tadbirlariga sarflanadi.
7.2. Birlashma xo’jalik hisobidan olgan daromadi birlashma ixtiyorida bo’lib, undan mustaqil ravishda foydalanadi va u boshqa tashkilotlar tomonidan olib qo’yilishi mumkin emas, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno.
7.3. Birlashma xo’jalik hisobidan olgan mablag’larining bir qismini respublika ichida va tashqarisida xodimlarning malakasini oshirishga yo’naltirishi mumkin.
7.4. Birlashma tomonidan yaratilgan yangi texnologiyalardan, navlardan, birlamchi urug’chilikdan, shartnomalar asosida tajriba xo’jaligidan kelib tushgan mablag’lar hisobidan birlashmada ilm-fan taraqqiyoti va ijtimoiy rivojlantirish jamg’arma fondi tashkil etish va undan ilm-fan va ishlab chiqarish sohasini, rivojlantirish uchun o’z jamoa shartnomasi va Ilmiy Kengash qarori asosida ishchi xizmatlarni moddiy rag’batlantirishga ishlatish xuquqiga ega.
Xodimlar va mehnat munosabatlari
8.1. Birlashma mehnat jamoasi shtat jadvaliga asosan shakllanadi. Xodimlarni ishga qabul qilish va ular bilan mexnat shartnomalarini bekor kilish amaldagi mehnat qonunchiligiga asosan amalga oshiriladi. Birlashma mehnat jamoasini uning faoliyatida mehnat shartnomasi (kontrakt, bitim) asosida o’z mehnatlari bilan ishtirok etuvchi barcha fuqarolar tashkil etadi.
8.2. Birlashma ma’muriyati birlashmada tashkil etilgan kasaba uyushma qo’mitasi bilan jamoa shartnomasi tuzishi mumkin. Bu shartnomalarning mazmuni va shartlari O’zbekiston Respublikasining tegishli qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
8.3. Xodimlar mehnatiga haq to’lashning shakli va tizimi, ish kuni tartibi, mehnat ta’tili va dam olish kunlarini berish, ularning davom etish muddati O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq belgilanadi.
8.4. Birlashma xodimining ish haqi fondi xodim tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari uchun ajratilgan byudjet va nobyudjet mablag’lari doirasida shakllantiriladi va har oyda ish haqi sifatida berib boriladi.
Birlashmaning moliya-xo’jalik faoliyati
9.1. Birlashma moliyaviy faoliyatini uzoq muddatli istiqbolni belgilovchi xamda yillik biznes reja asosida olib boradi. Birlashma faoliyatining moliyaviy manbaalarini byudjet mablag’lari va xo’jalik hisobi faoliyati mablag’lari tashkil etadi. Davlat ilm-fan jamg’armalari, jamoa va yakka shaxs jamg’armalaridan, tajriba xo’jaligidan, shartnoma-kelishuvlar hamda boshqa hujjatlar asosida kelib tushgan mablag’lar qo’shimcha moliyaviy manbaa hisoblanadi.
9.2. Byudjet tashkilotlaridan, ilmiy tadqiqot, xo’jalik, tashqi iqtisodiy faoliyatdan, shu jumladan, xalqaro tashkilotlarning mamlakatimiz tashkilot va fuqarolarining homiylik yordamlaridan hamda qonunga xilof bo’lmagan boshqa faoliyatlardan kelib tushgan mablag’lar birlashmaning mulki hisoblanadi.
9.3. Birlashma o’zining tajriba xo’jaliklarida birlamchi va avlodli don, va dukkakli ekinlar navlaridan urug’lik yetishtirib uni ilmiy tadqiqot birlashmaining filiallariga, ilmiy muassasa, fermer xo’jaliklari va boshqa sub’ektlarga shartnoma asosida sotadi xamda tushgan mablag’larni birlashmaning moddiy texnika bazasini rivojlantirishga hamda birlashma xodimlarini moddiy jixatdan rag’batlantirishga va boshqa maqsadlarga sarflaydi.
9.4. Mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish, ilmiy tadqiqot va amaliy ishlarni olib borish, birlashma va uning filiallarini moddiy-texnik va iqtisodiy rivojlanishini ta’min etish maqsadida o’z Ustavi doirasida xo’jalik faoliyatini yuritadi va olingan foydani amaldagi tartiblarga asosan taqsimlaydi.
9.5. Byudjet va byudjetdan tashqari fondlarga barcha soliqlar hamda boshqa majburiy to’lovlar to’langanidan keyin birlashma ixtiyorida qoladigan sof foyda Ilmiy kengash qaroriga asosan belgilangan tartibda taqsimlanadi.
9.6. Birlashma o’z Nizom fondining 50 foizidan kam bo’lmagan miqdorda zahira fondini vujudga keltirishi mumkin. Birlashmaning zahira fondi mazkur Nizomda belgilangan miqdorga yetgunga qadar xar yili sof foydaning 10 foizidan kam bo’lmagan miqdorda ajratmalar qilish yo’li bilan shakllantiriladi.
9.7. Birlashma zaxira fondi hisobidan zararlarni qoplash, o’z tashkilotlariga, jamoa shartnomasi va ilmiy kengash qarori asosida ishchi xizmatchilarni rag’batlantirish, ularga ustama foizsiz yoki imtiyozli qarzlar berishga ishlatish xuquqiga ega.
9.8. Birlashma o’z filiallariga mablag’larni, moliyaviy yordamlarni ilmiy kengash qaroriga asosan beradi va uni nazorat qilib boradi.
9.9. Birlashma tarkibidagi filiallar sof foydasi tasdiqlangan yillik hisobot ma’lumotlari asosida birlashma Ilmiy kengashi qarori bilan taqsimlanadi.
9.10. Birlashmaning moliyaviy – xo’jalik faoliyati Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tomonidan nazorat qilinadi.
9.11. Birlashma o’rnatilgan tartibda birlamchi muhosiblik hisobini olib boradi. Belgilangan tarzda va muddatlarda muhosiblik hisoboti va statistika hisobotlarini ilmiy ishlab chiqarish, moliya, xo’jalik tarmoqlariga xos tasdiqlangan shakl va muddatlarda tegishli idoralarga topshiradi. Birlashmaning filiallari o’z navbatida birlashmaga ilmiy hisobotlarini, muxosiblik va statistik hisobotlarini Davlat tashkilotlari uchun belgilangan muddatlardan kechiktirmay topshiradilar.
9.12. Birlashma va uning tarmoqlarini, filiallarni moliyaviy xo’jalik faoliyatini taftish qilish amaldagi qonunlarga ko’ra Davlat tashkilotlari uchun belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
9.13. Birlashma va Filiallarning moliyaviy-xo’jalik faoliyatini auditorlik tahlillardan o’tkazish birlashma tomonidan amalga oshiriladi. Barcha tekshirishlar va auditorlik xizmatlari xo’jalikning iqtisodiy samaradorligini oshirishga qaratilgan bo’lib, uning faoliyatiga salbiy ta’sir ko’rsatmasligi kerak. Auditorlik tekshiruvlari o’tkazish uchun birlashma tomonidan shartnoma asosida mustaqil auditorlik tashkilotlari xizmatlaridan foydalaniladi.
9.14. Birlashma tomonidan davlat va boshqa tashkilotlarga keltirilgan zararlar, jarimalar va boshqa to’lovlarni to’lash qonunchilikda belgilangan tartibda aybdor shaxslardan undiriladi.
9.15. Birlashma tomonidan yaratilgan ilmiy yangiliklar, navlar va duragaylar birlashma mulki hisoblanadi.
9.16. Birlashmaning moliyaviy-xo’jalik faoliyati nazorati qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Birlashma faoliyatini tugatish
10.1. Birlashmani qayta tashkil etish va tugatish O’zbekiston Respublikasi qonunlarida o’rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.