Qoraqalpog‘iston Don va sholi ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida “Qoraqalpog‘iston Respublikasining ekstremal sharoitida seleksiya va urug‘chilikni hamda g‘alla va sholi ekinlarini yetishtirish texnologiyasini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy amaliy seminar dasturi bo‘lib o‘tdi.
Seminarda ishtirokchilar birlashma ilmiy jamoasi tomonidan olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi. O‘z navbatida ishtirokchilar ham hududning ekstremal sharoitida seleksiya va urug‘chilikni rivojlantirish, shuningdek, mahsulot yetishtirishda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish borasida fikr va mulohazalar bilan o‘rtoqlashdilar. Ayniqsa, birlashmaning tajriba maydonida yaqinda Isroil davlati texnologiyasi asosida joriy qilingan “Aqlli” qishloq xo‘jaligi loyihasi seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu texnologiya suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan orolbo‘yi mintaqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishdagi eng og‘ir muammolarga yechim bo‘lishi ta’kidlandi.